MAHALLIY VA XORIJIY KUZGI YUMSHOQ BUG‘DOY NAMUNALARINING NAZORAT KO‘CHATZORIDA DONNING TEXNOLOGIK SIFAT KO‘RSATKICHLARINI QIYOSIY BAHOLASH
Keywords:
kuzgi yumshoq bug‘doy, don sifati, don naturasi, shaffoflik, kleykovina, oqsil, IDK, texnologik sifat, seleksiya.Abstract
Mazkur tadqiqotda kolleksiya ko‘chatzoridan tanlab olingan mahalliy va xorijiy kuzgi yumshoq bug‘doy namunalarining don sifati ko‘rsatkichlari nazorat ko‘chatzori sharoitida baholandi. Tadqiqotning asosiy maqsadi seleksiya ishlarida yuqori nonboplik sifatlariga ega bo‘lgan genotiplarni aniqlash hamda ularning texnologik xususiyatlarini standart navlar bilan qiyosiy tahlil qilishdan iborat bo‘ldi. Tahlillar don naturasi, shaffoflik darajasi, kleykovina miqdori, oqsil miqdori, IDK ko‘rsatkichi va kleykovina sifati bo‘yicha amalga oshirildi. Natijalarga ko‘ra don naturasi 780,2–802,7 g/l, shaffoflik 50,5–63,9 %, kleykovina miqdori 26,3–30,5 %, oqsil miqdori 13,0–14,5 %, IDK ko‘rsatkichi 70–115 birlik oralig‘ida o‘zgardi. Kompleks baholash natijalariga ko‘ra KN-5224 namunasi texnologik sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etib, I sinf kleykovinaga ega ekanligi bilan ajralib turdi. Shuningdek, KN-4035, AS-2011-D11 va AS-2009-D1 namunalari ham yuqori don sifati va nonboplik xususiyatlarini namoyon qildi. Olingan natijalar ushbu genotiplarni yuqori sifatli kuzgi yumshoq bug‘doy navlarini yaratishda qimmatli seleksion manba sifatida tavsiya etish imkonini beradi.