ALIMENTAR SEMIRISH MODELIDA URG‘OCHI KALAMUSHLARDA INSULIN REZISTENTLIGI FONIDA OVARIAL–ESTRAL SIKL BUZILISHLARINING EKSPERIMENTAL TAHLILI
Keywords:
eksperimental semirish, urg‘ochi kalamushlar, insulin rezistentligi, estral sikl, HOMA-IR, Wistar, giperandrogenemiya.Abstract
Maqolada alimentar semirish modelida reproduktiv yoshdagi urg‘ochi kalamushlarda insulin rezistentligi va ovarial-estral sikl buzilishlari o‘rtasidagi aloqadorlik eksperimental sharoitda o‘rganildi. Tadqiqotda 48 nafar Wistar zotli, 180 – 220 g vaznli, jinsiy jihatdan voyaga yetgan urg‘ochi kalamushlar ishlatildi. Hayvonlar ikki guruhga bo‘lindi: asosiy guruh (n=30) 12 hafta davomida yuqori kalorili ratsion bilan boqildi, nazorat guruhi (n=18) – standart vivarium ratsioni. Tana vazni, HOMA-IR indeksi, zardobdagi insulin, glyukoza, estradiol va testosteron darajalari, estral sikl dinamikasi o‘rganildi. Asosiy guruh kalamushlarida tana vazni 42,6% ga oshdi, HOMA-IR indeksi 3,1 barobar ko‘paydi. Estral sikl buzilishlari 73,3% hollarda aniqlandi, diestrus bosqichining cho‘zilishi hukmron belgi bo‘ldi. HOMA-IR va testosteron o‘rtasida sezilarli korrelyatsiya kuzatildi (r=0,68, p<0,01).